Garov reyestri haqida

 

O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi 155-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida “Garov reestri” DUK tashkil etildi.

“Garov reestri” DUK Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 6-uyda joylashgan.

“Garov reestri” DUK Internet tarmog‘i orqali garov reestrining uzluksiz kecha-kunduz faoliyat yuritishini ta’minlaydi. “Garov reestri” DUK sayti TAS-IX zonasida joylashtiriladi va “garov.uz” domen nomiga ega bo‘ladi.

SHuningdek, “Garov reestri” DUK:

murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan, Internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi;

yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatadi;

murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestriga yozuv kiritish oqibatlarini tushuntiradi;

garov reestridagi axborotni qarzdor - soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyatini ta’minlaydi;

foydalanuvchiga kiritilgan yozuv to‘g‘risida elektron shaklda, zarur hollarda esa qog‘ozda axborot taqdim etadi.

Garov reestri - qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo‘ygan mol-mulkiga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risidagi, shuningdek qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qonunga muvofiq qo‘yilgan cheklov hamda qarzdor o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishini ta’minlashi bilan bog‘liq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning yagona axborot bazasi.

Garov reestriga kirish garov reestridagi yozuvni izlash funksiyasidan tashqari faqat foydalanuvchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchi faqat bitta shaxsiy kabinetga ega bo‘lishi mumkin.

Garov reestridan yozuvlarni izlashga cheklovlarsiz barcha shaxslar haqlidir. Bunda garov reestrining qolgan funksiyalariga kirishga, shu jumladan, izlash natijalariga ko‘ra garov reestridan ko‘chirma berishga ruxsat o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish va avtorizatsiya tartibotidan o‘tgan shaxslarga beriladi.

SHaxsiy kabinet foydalanuvchi - jismoniy shaxsga, foydalanuvchi - yuridik shaxsning boshqaruvchisi (ma’muri) va ro‘yxatga oluvchisiga quyidagi imkoniyatlarni beradi:

garov reestriga yozuvlarni kiritish, o‘zgartirish va chiqarib tashlash;

garov reestridagi yozuvlarni izlash;

yozuvlarni izlash natijalariga ko‘ra garov reestridan ko‘chirmalar olish;

foydalanuvchi tomonidan kiritilgan yozuvlar to‘g‘risidagi axborotni, shu jumladan, yozuvlar kiritilgan hisobotlarni hamda yozuvlarni o‘zgartirish va bekor qilish to‘g‘risidagi xabarlarni qarab chiqish;

qonunda nazarda tutilgan holatlarda foydalanuvchining mol-mulkiga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risidagi kiritilgan yozuvlarga e’tirozlar bildirish;

o‘z kirish parolini o‘zgartirish.

Ushbu funksiyalarga qo‘shimcha ravishda foydalanuvchi - jismoniy shaxs yoki foydalanuvchi - yuridik shaxsning boshqaruvchisi (ma’muri) shaxsiy kabinet orqali quyidagilarni amalga oshirishga haqli:

foydalanuvchining (to‘lovlarni amalga oshirish tafsilotlari, manzil, telefon, elektron pochta, identifikatsiya ma’lumotlari), boshqaruvchilar va ro‘yxatga oluvchilarning hisobga olish ma’lumotlarini o‘zgartirish;

foydalanuvchi - yuridik shaxsning ro‘yxatga oluvchilarini (ma’murlarini) qo‘shish yoki ularni chiqarib tashlash;

reestrdan foydalanganlik uchun foydalanuvchining to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish.

Garov reestridagi ma’lumotni izlayotgan foydalanuvchining talabiga ko‘ra “Garov reestri” DUK izlash natijalarini ko‘chirma sifatida qog‘ozda yoki elektron shaklda taqdim etishi mumkin.

“Garov reestri” DUK garov reestridagi yozuvni faqat sudning tegishli qarori asosida o‘zgartirish yoki chiqarib tashlash huquqiga ega.

Foydalanuvchini ro‘yxatga olishda va shaxsiy kabinetni ochishda noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda, “Garov reestri” DUK foydalanuvchining tegishli murojaati asosida ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlariga (KTUT kodi, STIR, nomi va boshqalar) zarur tuzatishlar kiritishga haqli. Bunday holatda foydalanuvchi tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Garov reestri faoliyatini nazorat qilish va texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash “Garov reestri” DUK tomonidan amalga oshiriladi. SHuningdek, “Garov reestri” DUK barcha yozuvlar, shu jumladan, ularni kiritish, o‘zgartirish va bekor qilish to‘g‘risidagi yozuvlar yozuvlar garov reestridan chiqarib tashlangandan keyin besh yil mobaynida saqlanishini ta’minlaydi.