O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI GAROV REESTRI
Garov narsasiga nimalar kiradi?
O‘zbekiston Respublikasining «Garov to‘g‘risida»gi Qonunining 5-moddasiga asosan har qanday mol-mulk (korxona, bino, inshoot, jihoz, boshqa ishlab chiqarish jamlamalari, mahsulotlar, qimmatbaho qog‘ozlar, pul mablag‘lari va hokazo), shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi bo‘lishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan talablar, xususan hayoti yoki sog‘lig‘iga etkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar, alimentlar to‘g‘risidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.
Garov to‘g‘risidagi shartnomada, qonun asosida vujudga keladigan garovga nisbatan esa qonunda garovga qo‘yuvchi kelgusida qo‘lga kiritadigan ashyolar va mulkiy huquqlar garovi nazarda tutilishi mumkin.
Agar shartnomada yoki qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, mol-mulkka nisbatan garov huquqi mol-mulkning narsalarini va tarkibiy samarasini ham o‘z ichiga oladi. Garovga qo‘yilgan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan samara, mahsulot va daromadlarga nisbatan garov huquqi shartnomada nazarda tutilgan hollarda tatbiq etiladi.
Tarixiy, madaniy yoki o‘zgacha qimmatbaholigi tufayli yoxud davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan garov qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan ob’ektlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladi.
Undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan fuqarolarning ayrim turdagi mol-mulkini garovga qo‘yish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda man etilishi yoki cheklanishi mumkin.