Garov reestriga yozuv kiritishda “qarzdor”ga tushuncha bering (ya’ni “qarzdor” qarz oluvchimi yoki majburiyatlar bajarilishini ta’minlovchi mol-mulk egasimi)?

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga asosan qarzdor - kreditor foydasiga mol-mulkni berish, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pulni to‘lash yoki buzilishi kreditorning majburiyatlar bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida qarzdor berib qo‘ygan mol-mulkka undiruvni qaratishga bo‘lgan imtiyozli huquqi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan boshqa majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq harakatni sodir etishi shart bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs ekanligi belgilangan.

SHunga muvofiq, majburiyatlarni ta’minlash uchun olingan mol-mulk egasi “qarzdor” sifatida e’tirof etilib, garov reestriga yozuv kiritishda “Qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlar” oynasida mol-mulk egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Misol uchun, “A” shaxsning majburiyatini ta’minlash uchun “V” shaxsga tegishli bo‘lgan mol-mulklar berib qo‘yilgan. Bunda garov reestriga yozuv kiritishda “Qarzdor to‘g‘risidagi ma’lumotlar” oynasida “V” shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. SHuningdek, “Mulk tavsifi” oynasida faqatgina “V” shaxsga tegishli (majburiyatlarni ta’minlash uchun olingan) mol-mulklar tavsifi keltiriladi.

SHu o‘rinda qayd etish lozimki, bir shaxsning majburiyatlarini ta’minlash uchun bir-nechta shaxslarning mol-mulklari berib qo‘yilganda garov reestriga har bir mol-mulk egasi bo‘yicha alohida yozuv kiritiladi.