O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI GAROV REESTRI
Garov reestri – kreditorlarning kredit tavakkalchiligini pasaytirishga xizmat qiladi
– Bugungi kunda barcha tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar, shuningdek, boshqa xo‘jalik sub’ektlari hamda jismoniy shaxslar garov reestri xizmatidan foydalanmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi «Garov reestri» davlat unitar korxonasi direktori SHerzod Xaliyarov. – Bu mamlakatimizning moliya-bank tizimini xalqaro standartlarga mos infratuzilma bilan ta’minlash hamda kreditorlar manfaatlarini yanada ishonchli himoyalashda qo‘l kelmoqda. Garov reestridan real vaqt rejimida internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati ta’minlanmoqda. Bu tizim Xalqaro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari tomonidan yuqori baholandi.
Hozir garov munosabatlariga binolar va inshootlarnigina emas, intellektual mulk, inventar va xomashyolar, debitor qarzlar, qishloq xo‘jaligining kutilayotgan hosili va boshqa mulklarni ham jalb etish mumkin.
Kreditorlar tomonidan moliyalashtirish amaliyotlarini shunday ta’minotlar ostida amalga oshirish va tavakkalchilikni kamaytirishda garov reestri qo‘l keladi.
Garov reestrini majburiyatlar bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo‘yilgan mulklar to‘g‘risidagi elektron e’lonlar taxtasi deyish ham mumkin. Bunday e’lonlar taxtasidan har bir kreditor yoki boshqa istalgan shaxs www.garov.uz sayti orqali bahramand bo‘ladi. Bu ma’lum bir mol-mulkning garovdaligi bo‘yicha va garovdagi mol-mulk hisobiga o‘z talablarining qanoatlantirilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan kreditorlar to‘g‘risida ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi.
Garov reestri kreditorlarning kredit tavakkalchiligini pasaytirishga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini mulk garovi ostida kreditlash imkoniyati kengayishiga xizmat qiladi. Garov reestridagi axborotni qarzdor – soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami yoxud ayrim mol-mulklarning ro‘yxat belgilari bo‘yicha izlash imkoniyati ta’minlangan. Foydalanuvchilarga mol-mulk to‘g‘risida garov reestriga yozuv kiritilganligi haqida elektron shaklda, zarur hollarda qog‘ozda axborot taqdim etilishi mumkin.
Garov reestri faoliyati davomida foydalanuvchilar tomonidan 320 mingga yaqin yozuv qayd etildi, 19,4 mingdan ortiq yozuvlarga o‘zgartishlar kiritildi, qariyb 46,3 mingta yozuv garov majburiyatlari bajarilganligi munosabati bilan garov reestridan chiqarildi. Foydalanuvchilarga yozuvlar bo‘yicha 1,9 mingdan ziyod ko‘chirma taqdim etildi. Natijada garov reestriga ta’minot sifatida qabul qilingan 550 mingdan ortiq mulk ob’ekti bo‘yicha kreditorlar huquqlari to‘g‘risida yozuvlar kiritildi.
Tabiiyki, 2013 yil 23 oktyabrda qabul qilingan «Garov reestri to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirganidan buyon o‘tgan qisqa vaqtda erishilgan ushbu natijalar yurtimizda garov reestrining ommalashib borayotganini ko‘rsatmoqda va mazkur qonunning naqadar o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilinganligidan dalolat bermoqda.
Garov reestrining kreditor uchun qanday afzalliklari bor? YUqorida keltirilgan qonunning 9-moddasida kreditorlarning undiruvni garov ob’ektiga qaratish bo‘yicha huquqlari aniq belgilab qo‘yilgan. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, garov reestriga yozuvni kiritish vaqti va sanasi kreditorning qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan hollarda boshqa kreditorlar va uchinchi shaxslardan oldin undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga, boshqa talablarni qanoatlantirishga bo‘lgan imtiyozli huquqini aniqlash uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, kreditor garov reestri bazasidan ta’minot sifatida qabul qilinayotgan mol-mulk (aktiv, huquq) garov sifatida foydalanilayotganligi to‘g‘risidagi axborotni qisqa muddatda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Misol uchun, bir shaxs o‘z mulkini bir necha majburiyat ta’minoti uchun o‘rnatilgan tartibda ko‘p marta garovga qo‘yishi mumkin. Kreditorlar garov reestridan qarzdorning mulklari boshqa majburiyat bo‘yicha garovga qo‘yilganligini mustaqil aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. CHunki har bir kreditor garovga qabul qilgan mol-mulklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Garov reestri to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida keltirilgan imtiyozli huquqga ega bo‘lish maqsadida garov reestriga kiritib boradi.
Garov reestrining joriy etilishi kreditlar hajmining sezilarli darajada o‘sishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. CHunki garov mulki bank uchun kredit tavakkalchiligini pasaytirsa, qarz oluvchi uchun qaramog‘idagi mol-mulkini garovga qo‘yish evaziga qulay va maksimal darajada tez kredit olishga imkon beradi.
O‘zA.