O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI GAROV REESTRI
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki buzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasining 2017 yilgi faoliyati bo‘yicha hisobot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi “Garov reestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 155-sonli qaroriga muvofiq 2017 yil mobaynida garov reestrining internet tarmog‘i hamda bank telekommunikatsiya tarmog‘i orqali uzluksiz kecha-kunduz faoliyat yuritilishi ta’minlandi.
Xususan, garov reestrining Internet tarmog‘i orqali faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilgan. “Garov reestri” davlat unitar korxonasi sayti TAS-IX zonasida joylashtirilgan va “garov.uz” domen nomiga ega.
“Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan faoliyati davomida:
- murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan, Internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati ta’minlandi;
- yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatildi;
- murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestriga yozuv kiritish afzalliklari tushuntirildi;
- garov reestridagi axborotni qarzdor - soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyati yaratildi;
- foydalanuvchilarga kiritilgan yozuv to‘g‘risida axborot taqdim etildi.
Garov reestrida jami 172 ta, shundan 2017 yilda 18 ta foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga shaxsiy kabinetlar ochildi.
Bugungi kunda barcha tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar garov reestrida o‘zining shaxsiy kabinetlariga ega. SHuningdek, boshqa bir qator korxonalar va tashkilotlar ham garov reestri xizmatlaridan foydalanmoqda.
Tijorat banklari va mikrokredit tashkilotlari tomonidan qarzdorlar bilan tuzilgan garov shartnomalariga muvofiq garov reestriga yozuvlar o‘rnatilgan tartibda kiritib borilmoqda.
YAratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda tijorat banklari tomonidan o‘zining ichki operatsiyalar tizimidan garov reestriga yozuvlarni kiritish, ularga o‘zgartirishlar qilish va chiqarib tashlash amalga oshirilmoqda.
Foydalanuvchilar tomonidan garov reestriga kiritilgan yozuvlar 418 mingdan oshdi, 157 mingdan ortiq yozuvlarga o‘zgartirishlar qilingan va 85 mingdan ortiq yozuvlar garov reestridan chiqarilgan hamda garov reestridan 3,8 mingdan ziyod ko‘chirmalar olingan.
Xususan, 2017 yilda garov reestriga 103 mingdan ortiq yozuvlar kiritilgan bo‘lib, yozuvlarga 87 mingdan ziyod o‘zgartirishlar qilingan, 25 mingga yaqin yozuvlar garov reestridan chiqarilgan hamda reestrdan 1100 dan ortiq ko‘chirmalar olingan.
Garov reestridagi yozuvlarning 94,5foizi tijorat banklari tomonidan va 5,4 foizi mikrokredit tashkilotlar tomonidan kiritilgan.
Hukumatimiz tomonidan xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk, shu jumladan, chet el kapitali ulushini izchil oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu esa, garov reestrining respublikamizda tashkil etilishi tufayli mamlakatimizning moliya-bank tizimi xalqaro standartlariga mos infratuzilma bilan ta’minlagan holda kreditorlarning risklarini kamaytirishga, tadbirkorlarni har qanday mol-mulk garovi ostida kreditlash hajmlarini oshirishga, garov mol-mulki bo‘yicha xolis axborotlar bazasining shakllanishiga va natijada kredit ajratish jarayonini yanada tezlashtirishga zamin yaratdi.
O‘zbekistonda garov reestrini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Xalqaro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari tomonidan ham yuqori baholandi.
Garov reestrining samaradorligini oshirish maqsadida 2018 yilda “Garov reestri” DUK tomonidan quyidagilarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:
- jismoniy shaxslar uchun garov reestrida «billing» to‘lov tizimini joriy etish;
- garov reestri dasturiy kompleksining mobil ilovasini ishga tushirish;
- xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda garov reestri faoliyatini yanada takomillashtirish hamda foydalanuvchilar uchun qulayliklarni oshirish.
|
A. Mamatov |
|
«Garov reestri» DUK |