O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasining 2014 yilgi faoliyati bo‘yicha hisoboti

 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi “Garov reestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” gi 155-sonli qaroriga muvofiq qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014 yil 14 iyundagi 16-A/3-sonli qaroriga asosan tashkil etildi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar Mirobod tumani Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasi tomonidan 2014 yil 23 iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ldi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 6-uyda faoliyat ko‘rsatmoqda.

2014 yil iyul oyida garov reestrining dasturiy platformasi ishlab chiqildi va uning Internet tarmog‘i orqali faoliyat yuritilishi yo‘lga qo‘yildi. “Garov reestri” davlat unitar korxonasi sayti TAS-IX zonasida joylashtirilib, “garov.uz” domen nomiga ega bo‘ldi.

O‘tgan yil davomida “Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan Internet tarmog‘i orqali garov reestrining uzluksiz kecha-kunduz faoliyat yuritishi ta’minlandi.

Garov reestrining dasturiy platformasini ishlab chiqish jarayonida Xalqaro moliya korporatsiyasining bu borada tavsiya va takliflari ham inobatga olindi.

SHuningdek, 2014 yilning 30 sentyabr - 3 oktyabr kunlari Toshkentga tashrif buyurgan Xalqaro moliya korporatsiyasining Garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda joriy qilingan garov reestri faoliyati yuqori baholandi.

2014 yilning iyul-avgust oylari davomida “Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi bilan birgalikda respublikaning barcha hududlarida garov reestriga yozuvlarni kiritish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun seminarlar hamda amaliy treninglar tashkil etildi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan 2014 yil faoliyati davomida:

- murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan, Internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati ta’minlandi;

- yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatildi;

- murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestriga yozuv kiritish afzalliklari tushuntirildi;

- garov reestridagi axborotni qarzdor - soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyati yaratildi;

- foydalanuvchilarga kiritilgan yozuv to‘g‘risida axborot taqdim etildi.

Xususan, 2014 yil mobaynida garov reestridan foydalanish maqsadida 115 ta foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga shaxsiy kabinet ochildi.

Jumladan, barcha tijorat banklari (26 ta), mikrokredit tashkilotlari (25 ta) va lombardlar (46 ta), shuningdek, boshqa korxonalar va jismoniy shaxslar (18 ta) garov reestri xizmatidan foydalanishmoqda.

O‘tgan yil davomida foydalanuvchilar tomonidan garov reestriga 146,5 ming yozuvlar kiritilgan va ushbu yozuvlarga 2,0 mingdan ortiq o‘zgartirishlar kiritilgan hamda garov majburiyatlari bajarilgandan so‘ng 1,6 mingga yaqin yozuv garov reestridan chiqarilgan.

Natijada, 2014 yil davomida 181,2 mingta garovga olingan mol-mulk ob’ektlari garov reestriga kiritildi.

Ta’kidlash lozimki, garov reestrining respublikamizda tashkil etilishi tufayli mamlakatimizning moliya-bank tizimi xalqaro standartlariga mos infratuzilma bilan ta’minlandi hamda kreditorlar manfaatlari yanada ishonchli himoyalandi.

Bu bilan esa, kreditorlarning risklarini kamaytirishga, tadbirkorlarni har qanday mol-mulk garovi ostida kreditlash hajmlarini oshirishga, garov mol-mulki bo‘yicha xolis axborotlar bazasining shakllanishiga va natijada kredit ajratish jarayonini yanada tezlashtirilishiga erishildi.

«Garov reestri to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kirganidan buyon o‘tgan qisqa vaqtda keltirilgan ko‘rsatkichlarning yuqoriligi ushbu qonunning naqadar o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilinganligidan dalolat beradi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan 2015 yil davomida garov reestri faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan asosiy vazifalar quyidagilar hisoblanadi:

- Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan O‘zbekiston garov reestri faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha Hamkorlik kelishuvini imzolash va amalga oshirish;

- Xalqaro moliya korporatsiyasining Garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlarining garov reestrini yanada takomillashtirish bo‘yicha berilgan tavsiyalari asosida tegishli ishlarni amalga oshirish;

- garov reestri foydalanuvchilariga yozuvlarni kiritish va garov reestri bilan ishlash bo‘yicha qulayliklarni yanada oshirish yuzasidan dasturiy ta’minot yaratish;

- garov reestrining afzalliklari va imtiyozlarini targ‘ib qilish, tushuntirish ishlarini olib borish orqali foydalanuvchilarni keng jalb etish;

- garov reestri faoliyatini mustahkamlash va barqarorligini yanada oshirish maqsadida uning moddiy-texnik ta’minotini oshirish.