O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi «Garov reestri» davlat unitar korxonasining 2015 yilgi faoliyati bo‘yicha hisoboti

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi «Garov reestri» davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasining «Garov reestri to‘g‘risida»gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi «Garov reestri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi 155-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014 yil 14 iyundagi 16-A/3-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

«Garov reestri» davlat unitar korxonasi o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar Mirobod tumani Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘y­xatdan o‘tkazish inspek­siyasi tomonidan 2014 yil 23 iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega.

«Garov reestri» davlat unitar korxonasi Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi, 6-uyda faoliyat ko‘rsatmoqda.

2015 yil davomida «Garov reestri» davlat unitar korxonasi tomonidan garov reestrining «garov.uz» domen nomi bilan internet tarmog‘i orqali uzluksiz kecha-kunduz faoliyat yuritilishi ta’minlandi.

«Garov reestri» davlat unitar korxonasi tomonidan hisobot yili faoliyati davomida:

– murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reestriga kirish, shuningdek, undan real vaqt rejimida, shu jumladan, internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati ta’minlandi;

– yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘r­satildi;

– murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestriga yozuv kiritish afzalliklari tushuntirildi;

– garov reestridagi axborotni qarzdor – soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyati yaratildi;

– foydalanuvchilarga kiritilgan yozuv to‘g‘risida axborot taqdim etildi.

Xususan, garov reestridan foydalanish maqsadida jami 132 ta, shu jumladan, 2015 yilda 17 ta foydalanuvchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga shaxsiy kabinet ochildi.

Bugungi kunda barcha tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar, shuningdek, boshqa korxonalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar garov reestri xizmatlaridan foydalanishmoqda.

Hisobot yilida foydalanuvchilar tomonidan garov reestriga 118,0 mingdan ziyod yozuvlar kiritilgan va yozuvlarga 14,0 mingga yaqin o‘zgartirishlar kiritilgan hamda garov majburiyatlari bajarilgandan so‘ng 27,0 mingga yaqin yozuvlar garov reestridan chiqarilgan. SHuningdek, foy­dalanuvchilarga yozuvlar bo‘yicha garov reestridan 1,7 mingdan ortiq ko‘chirmalar taqdim etildi.

Natijada 2015 yil davomida garov reestriga 318,5 ming­ta ta’minot sifatida qabul qilingan mol-mulklarga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risida yozuvlar kiritildi.

Bundan tashqari, O‘zbekis­ton garov reestrini ilg‘or xalqaro tajribalar asosida rivojlantirish maqsadida 2015 yil 23 sentyabrda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan Hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Hamkorlik kelishuvi doirasida garov reestrini xalqaro tajribalar asosida yanada rivojlantirish, garov reestridan foydalanuvchilarga trening-seminarlar tashkil etish, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqish, shuningdek, resublikada garov reestri faoliya­tini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan ishlar olib borilishi kelishib olindi.

Hamkorlik kelishuviga asosan o‘tgan yilning noyabr oyida Xalqaro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ular garov reestri faoliyati bilan tanishib chiqib, uni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

SHuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan garov reestrining foydalanuvchilari, jumladan, tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va boshqa moliya muassasalariga hamda «Garov reestri» davlat unitar korxonasi xodimlari va garov reestrining dasturiy platformasini ishlab chiquvchi tegishli mutaxassislarga amaliy seminarlar tashkil etildi.

Xalqaro moliya korpo­ratsiyasining tavsiyalari hamda garov reestri foydalanuvchilarining takliflarini inobatga olgan holda garov reestri dasturiy platformasining yangi versiyasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Dasturiy platformaning yangi versiyasida garov reestridan foydalanish soddalashtirildi va foydalanuvchilar uchun bir qator qulayliklar joriy etildi.

SHu bilan birgalikda, tegishli xavfsizlik choralarini qo‘llab tijorat banklarining ichki operatsiyalar tizimini bank telekommunikatsiya tarmog‘i orqali garov reestri bazasiga ulagan holda garov reestriga yozuvlarni kiritish va bosh­qa xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, O‘zbekis­ton Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankning tegishli elektron axborot resurslaridan foydalangan holda garov reestri foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yo‘lga qo‘yildi.

Garov reestri foydalanuvchilariga o‘zi kiritgan yozuvlar bo‘yicha istalgan shaklda hisobotlar shakllantirish uchun «hisobotlar konstruktori», shuningdek, garov reestri xizmatlaridan foydalanish, yozuvlar kiritish oqibatlari bo‘yicha maslahatlar so‘rash va olish, foydalanuvchilar o‘zaro xabarlar almashishlari uchun «elektron forum» funksiyalari ishga tushirildi.

Qayd etish lozimki, Xalq­aro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda garov reestrini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar yuqori baholandi hamda ushbu ijobiy o‘zgarishlar Jahon bankining «Biznes yuritish – 2016» hisobotida mamlakatimiz «Kredit olish» indikatori bo‘yicha 63 pog‘ona ko‘tarilishiga asosiy omil bo‘lganligi ta’kidlandi.

«Garov reestri» davlat unitar korxonasi tomonidan 2016 yil davomida garov reestri faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan asosiy vazifalar quyidagilar hisoblanadi:

– Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda O‘zbekiston garov reestrini ilg‘or xalqaro tajribalar asosida rivojlantirish bo‘yicha imzolangan Hamkorlik kelishuvini amalga oshirish;

– garov reestri foydalanuvchilariga yozuvlarni kiritish va garov reestri bilan ishlash bo‘yicha qulayliklarni yanada oshirish yuzasidan dasturiy ta’minotlar yaratilishini ta’minlash;

– garov reestrining afzalliklari va imtiyozlarini targ‘ib qilish hamda garov reestri bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida respublikaning barcha hududlarida seminarlar tashkil etish.