O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasining 2016 yilgi faoliyati bo‘yicha hisoboti

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Garov reestri” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi “Garov reestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 155-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014 yil 14 iyundagi 16-A/3-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar Mirobod tumani Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasi tomonidan 2014 yil 23 iyunda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganbo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi, 6-uyda faoliyat ko‘rsatmoqda.

2016 yil davomida “Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan garov reestrining “garov.uz” domen nomi bilan Internet tarmog‘i orqali uzluksiz kecha-kunduz faoliyat yuritilishi ta’minlandi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan hisobot yili faoliyati davomida:

- murojaat etgan har bir yuridik yoki jismoniy shaxs bilan tuziladigan shartnoma asosida yozuv kiritish uchun garov reestriga kirish, shuningdek undan real vaqt rejimida, shu jumladan, Internet axborot tarmog‘i orqali foydalanish imkoniyati ta’minlandi;

- yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestridan foydalanish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatildi;

- murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarga garov reestriga yozuv kiritish afzalliklari tushuntirildi;

- garov reestridagi axborotni qarzdor - soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, yozuvning yagona ro‘yxatdan o‘tkazish raqami bo‘yicha izlash imkoniyati yaratildi;

- foydalanuvchilarga kiritilgan yozuv to‘g‘risida axborot taqdim etildi.

Bugungi kunda, barcha tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar, shuningdek boshqa korxonalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar garov reestri xizmatlaridan foydalanishmoqda.

Xususan, 27 ta tijorat banklari, 29 ta mikrokredit tashkilotlari, 47 ta lombardlar, 3 ta lizing kompaniyalari, 9 ta boshqa korxona va tashkilotlar hamda 37 jismoniy shaxslar garov reestrida o‘z shaxsiy kabinetlariga ega.

2016 yilda 27 ta foydalanuvchilar garov reestridan ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga shaxsiy kabinet ochildi.

Hisobot yilida foydalanuvchilar tomonidan garov reestriga 106,0 mingdan ziyod yozuvlar kiritilgan va yozuvlarga 19,0 mingdan ortiq o‘zgartirishlar kiritilgan hamda garov majburiyatlari bajarilgandan so‘ng 28,0 mingga yaqin yozuvlar garov reestridan chiqarilgan. SHuningdek, foydalanuvchilarga yozuvlar bo‘yicha garov reestridan 800 ga yaqin ko‘chirmalar taqdim etildi.

Natijada, 2016 yil davomida garov reestriga 113,0 mingdan ortiq ta’minot sifatida qabul qilingan mol-mulklarga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risida yozuvlar kiritildi.

Garov reestri tashkil etilgandan buyon jami 375,0 mingdan ortiq yozuvlar kiritilgan bo‘lsa, shundan 359,0 mingga yaqini yoki 95,5 foizi tijorat banklari tomonidan va 16,0 mingtasi yoki 4,3 foizi mikrokredit tashkilotlar tomonidan kiritilgan.

O‘zbekiston garov reestrini ilg‘or xalqaro tajribalar asosida rivojlantirish maqsadida 2015 yil 23 sentyabrda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan tuzilgan Hamkorlik kelishuvi doirasida o‘tgan yili garov reestrini xalqaro tajribalar asosida yanada rivojlantirish yuzasidan garov reestridan foydalanuvchilarga trening-seminarlar tashkil etildi, shuningdek resublikada garov reestri faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish borasida ishlar olib borildi.

Xususan, hamkorlik kelishuviga asosan Xalqaro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari 2016 yilda O‘zbekistongaikki marotaba tashrif buyurdi.

Tashriflar davomida Xalqaro moliya korporatsiyasining garov reestri bo‘yicha xalqaro ekspertlari tomonidan garov reestrining foydalanuvchilari, jumladan tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari, boshqa moliya muassasalari, soliq, bojxona va huquqni muhofaza qilish  davlat organlari hamda “Garov reestri” davlat unitar korxonasi xodimlari va garov reestrining dasturiy platformasini ishlab chiquvchi tegishli mutaxassislarga amaliy seminarlar tashkil etildi, garov reestrini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

SHu bilan birga, “Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan Markaziy bank xodimlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining “Garov reestri to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining ““Garov reestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2014 yil 12 iyundagi 155-sonli qarori mazmun-mohiyatini joylarda tushuntirish va garov reestridan foydalanishning qulaylik va afzalliklari targ‘ib qilish maqsadida 2016 yilning aprel-sentyabr oylarida Respublikaning barcha hududlarida tijorat banklari va ularning filiallari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar hamda boshqa manfaatdor tashkilot va korxonalar, shuningdek jismoniy shaxslar uchun seminarlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Xalqaro moliya korporatsiyasining tavsiyalari hamda garov reestri foydalanuvchilarining takliflari asosida ishlab chiqilgan garov reestri dasturiy platformasining yangi versiyasida tegishli xavfsizlik choralarini qo‘llab tijorat banklarining ichki operatsiyalar tizimini bank telekommunikatsiya tarmog‘i orqali garov reestri bazasiga ulagan holda garov reestriga yozuvlarni kiritish va boshqa xizmatlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

“Garov reestri” davlat unitar korxonasi tomonidan 2017 yil davomida garov reestri faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan asosiy vazifalar quyidagilar hisoblanadi:

- garov reestri foydalanuvchilariga yozuvlarni kiritish va garov reestri bilan ishlash bo‘yicha qulayliklarni yanada oshirish yuzasidan dasturiy ta’minotlar yaratilishini ta’minlash;

- jismoniy shaxslar uchun garov reestridan foydalanishni yanada qulaylik yaratish maqsadida “Billing” tizimini joriy etish;

- garov reestrining afzalliklari va imtiyozlarini targ‘ib qilish hamda garov reestri bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida respublikaning barcha hududlarida, shu jumladan bevosita foydalanuvchilar uchun seminarlar tashkil etish.