O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI GAROV REESTRI
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi "Garov reestri" DUK tashkil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 iyundagi 155-sonli qaroriga asosan Respublika Markaziy banki huzurida "Garov reestri" davlat unitar koxonasini tashkil qilish taklifi maqullandi.
"Garov reestri" DUK himoyalangan bog‘lanish protokolini qo‘llagan holda Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida ma’lumotlarning yagona elektron axborot bazasi sifatida garov reestrini yuritadi.
Qaror bilan Garov reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, 2014 yil 1 iyulda "Garov reestri to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirishi bilan ushbu nizom joriy qilinadi. Ushbu Nizom garov reestriga yozuvlarni kiritish, ularni o‘zgartirish va chiqarib tashlash, shuningdek garov reestridagi yozuvlarni izlash shartlari va tartibini belgilaydi.
Garov reestridan yozuvlarni izlashga cheklovlarsiz barcha shaxslar haqlidir. Bunda garov reestrining qolgan funksiyalariga kirishga, shu jumladan izlash natijalariga ko‘ra garov reestridan ko‘chirma berishga ruxsat ushbu Nizomga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish va avtorizatsiya tartibotidan o‘tgan shaxslarga beriladi.
Garov reestri davlat tilida yuritiladi. SHuningdek rus va ingliz tillarida garov reestrini yuritishga ruxsat beriladi.
Garov reestriga kirish garov reestridagi yozuvni izlash funksiyasidan tashqari faqat foydalanuvchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Foydalanuvchi faqat bitta shaxsiy kabinetga ega bo‘lishi mumkin. SHaxsiy kabinetni yaratish uchun foydalanuvchi tomonidan garov reestri saytiga elektron ariza beriladi.
Garov reestriga yozuvlarni kiritish va garov reestridan izlash natijalari bo‘yicha ko‘chirmalar olish qonun hujjatlariga muvofiq pulli asosda amalga oshiriladi.
Xizmatlar turi |
To‘lov miqdori |
garov reestriga yozuv kiritish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan |
EKOIXning 20% |
garov reestridan ko‘chirma berish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan |
EKOIXning 10% |
Jismoniy shaxslar bevosita reestrda yozuvni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki ko‘chirmalar berishga qadar o‘z to‘lov kartalari vositasida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan to‘lovlarning boshqa turlari orqali to‘lovlarni amalga oshiradilar.
YUridik shaxslar garov reestriga yozuv kiritilgan va ko‘chirmalar olingan oy mobaynida ushbu oy tugagandan keyin o‘n kun mobaynida to‘lovlarni amalga oshiradilar. YUridik shaxslar tomonidan o‘z vaqtida tegishli to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda "Garov reestri" DUK ular uchun kelgusida yozuvlar kiritish va ko‘chirmalar olish uchun hisob-kitoblarning oldindan to‘lash tartibini belgilashga haqlidir.
Tergov va dastlabki tergov organlari, davlat soliq va bojxona xizmati organlari tomonidan garov reestriga yozuvlar kiritish, shuningdek ularga garov reestridan ko‘chirmalar berish bepul asosda amalga oshiriladi.
Nizomga muvofiq, "Garov reestri" DUK barcha yozuvlar, shu jumladan ularni kiritish, o‘zgartirish va bekor qilish to‘g‘risidagi yozuvlar yozuvlar garov reestridan chiqarib tashlangandan keyin besh yil mobaynida saqlanishini ta’minlaydi.
SHuningdek, "Garov reestri" DUK faoliyati natijalari to‘g‘risidagi yillik hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1 mayidan kechikmasdan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozimligi o‘rnatilgan.